TOShKENT, 11 dek – Sputnik. O‘zbekistonda metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sababli zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xabarda bildirilishicha, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini (maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shifoxonalar, oliy ta’lim muassasalari, issiqlik elektr stansiyalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bosh vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
“Shu bois aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarida tabiiy gaz bosimi pasayishini oldini olish maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini meyorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini hamda holat haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.