TOShKENT, 10 dek — Sputnik. "Green University" bazasida atmosferani ifloslantiruvchi moddalarni chuqur tahlil qilish va tashlamalar manbalarini aniqlash imkonini beradigan zamonaviy laboratoriya tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Markaziy Osiyoda o‘z turiga birinchi bo‘ladigan ushbu havo sifati laboratoriyasi monitoring uskunalarini kalibrlash, aniq tahlillar o‘tkazish va aholi salomatligini muhofaza qilishga doir ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Loyiha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Jahon bankining Yevropa va MO bo‘yicha barqaror rivojlanish direktori Sameh Vahba bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda poytaxtdagi PM2.5 ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan ancha yuqori ekani ta’kidlandi. Tomonlar sanoat obyektlarida tozalash texnologiyalarini modernizatsiya qilish, monitoring va hisobot tizimini takomillashtirish, ekologik talablarni shaharsozlik va transport siyosatiga integratsiya qilish bo‘yicha choralarni ham ko‘rib chiqdilar.
Ma’lumot uchun: “Green University” — Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti.