TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yo‘qolib borayotgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) ishtirokchilari konferensiyasida 120 taga yaqin hujjat, 350 tadan ortiq taklif va 250 taga yaqin bioxilma-xillikka oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida qator muhim qarorlar qabul qilindi:
70 tadan ortiq akula va skatlar turini himoya qilish kuchaytirildi;
noqonuniy savdo tufayli xavf ostida turgan ayrim sutemizuvchilar va qimmatbaho sudralib yuruvchilarga oid savdoni tartibga solish choralari kengaytirildi;
CITES doimiy qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangilangan yondashuvlar tasdiqlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari Samarqand deklaratsiyasi va 2026–2032-yillar uchun mintaqaviy Harakatlar rejasini imzoladi.
O‘zbekiston qator yirik loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi:
UNDP va IUCN bilan qiymati 6,6 million dollarlik “Qimmatli landshaftlarni integratsiyalashgan boshqarish va tiklash” loyihasi;
FAO bilan 18 million dollarlik to‘rtta grant va 1,2 million dollarlik yerlarni tiklash bo‘yicha loyihalar;
birinchi Milliy Ramsar strategiyasi va ekologik o‘zgarishlar atlasi taqdim etildi.