Qozog‘istondan don tashish hajmi oshdi — O‘zbekiston terminallarining quvvati yetishmayapti

Qozog‘istondan don yuklarining oshishi O‘zbekiston terminallarida ortiqcha yuklanish yuzaga keltirdi. Masala Qozog‘iston Transport vazirligida o‘tgan tezkor yig‘ilishda muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Qozog‘istondan don mahsulotlarini yuqori hajmda tashish O‘zbekistondagi qabul terminallarining ortiqcha yuklanishiga sabab bo‘ldi. Bu Qozog‘iston Transport vazirligida “Samruk-Qozina” fondi va “Qozog‘iston temir yo‘llari” ishtirokida o‘tgan tezkor yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Aytilishicha, yuk oqimining keskin oshishi ikki mamlakat transport ma’muriyatlari o‘rtasida tezkor hamkorlikni talab etmoqda.
O‘zbekiston tomonining qabul qilish va qayta ishlash imkoniyatlarini hisobga olgan holda don eksportini muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda, Qozog‘iston transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” ishtirokida 8–9 dekabr kunlari Sariog‘och va Toshkentda qo‘shma yig‘ilish o‘tkazilishi belgilandi. Uchrashuvda don yuklarini qabul qilish, taqsimlash va logistika jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha mexanizmlar ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida Qozog‘istondan Markaziy Osiyo mamlakatlariga don tashish hajmi 5,6 million tonnaga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘pdir. Faqat noyabr oyining o‘zida 0,7 million tonna don mintaqalarga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda paxta va don qabul qilishning yangi tartibi joriy etildi