TOShKENT, 5 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 1-5 dekabr kunlari o‘tkazilayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Yoshlar ijodiyot saroyida “Xalq diplomatiyasi orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash”mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deya xabar bremoqda Sputnik muxbari.
O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislar rasmiyatchilik va siyosat haqida emas, balki insoniy aloqalarning kuchi haqida so‘zlashdi. Oddiy fuqarolar - o‘qituvchilar, ko‘ngillilar, tadqiqotchi va faollar global jarayonlarga qanday ta’sir ko‘rsata olishi haqida muhokama qilishdi.
Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekistondagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tadbirning tashkilotchilari bo‘ldi.
Ishtirokchilar xalq diplomatiyasining milliy darajada qanday faoliyat yuritishi va uning mintaqaviy hamda global jarayonlarda qanday ahamiyatga ega ekanligini muhokama qilishdi.
Rossiya Jamoatchilik palatasi komissiyasi raisi Vladimir Zorin o‘z nutqida davlatlar o‘rtasidagi mustahkam aloqalar siyosiy bayonotlardan emas, balki odamlar o‘rtasidagi muloqotdan boshlanishini ta’kidladi.
“Xalqaro hamkorlik - bu avvalo madaniy va ma’naviy yaqinlik qadrlanadigan insonlar o‘rtasidagi ishonch maydonidir. So‘nggi yillarda Rossiyada gumanitar almashinuv loyihalari jadal rivojlanmoqda - bu jonli diplomatiya jamiyatlarga bir-birini raqib emas, balki sherik sifatida ko‘rishga yordam beradi. Rossiya va O‘zbekiston o‘zaro munosabatlarning boy an’analariga ega bo‘lib, bu an’ana madaniyat, ta’lim va umumiy tarix orqali mustahkamlanib bormoqda. Haqiqiy hamkorlik siyosiy vaziyatga emas, balki ishonch, hurmat va ochiqlikka asoslanadi”,- dedi Zorin.
U Ulug‘ Vatan urushi davrida O‘zbekiston yuz minglab evakuatsiya qilinganlarning boshpanasiga aylanganini eslatib o‘tdi va Shomahmudovlar oilasi tarixini insoniy jasorat namunasi sifatida alohida ta’kidladi. Zorinning fikricha, aynan shunday voqealar xalqlar o‘rtasidagi “ishonch genetikasi”ni shakllantirar ekan.
Qozog‘iston Fuqarolik alyansining prezidenti Banu Nurgaziyeva Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda faol fuqarolarning ishtiroki g‘oyat muhim ekanligini ta’kidladi.
“Biz yagona sayyorada yashaymiz va u uncha katta emas - bir hududning dardi butun dunyoga darhol ta’sir qiladi. Hatto eng yaxshi siyosat ham fuqaro, faol va ko‘ngillilarning ishtiroki bo‘lmasa samarali bo‘lmaydi. Qozog‘iston allaqachon Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha uchinchi milliy sharhini taqdim etdi va ilk bor shunga o‘xshash hisobotni Olmaota shahri tayyorladi - unda shahar aholisining o‘zi barqaror rivojlanish maqsadlariga qanday erishayotgani haqida so‘z yuritilgan. Ishonchim komilki, bunday tashabbuslar Toshkentda ham paydo bo‘ladi - bu butun Markaziy Osiyoning kelajagidir”,- dedi u.
O‘zbekistondagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov xalq diplomatiyasi mavhum tushuncha emas, balki amaliy harakat ekanini eslatib o‘tdi.
“Xalq diplomatiyasi bu “pastdanyuqoriga”, “qalbdan-qalbga” bo‘lgan diplomatiyadir. Xalq diplomatiyasi - bu oddiy fuqarolarning o‘zaro ommaviy muloqotidir. Har bir kishi uning ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Bunga misol, Parij Olimpiadasida qirg‘izistonlik bokschi kumush medalga erishishiga yordam bergan o‘zbekistonlik murabbiynni keltirish mumkin. Bu voqea bir zumda ikki xalqni har qanday rasmiy muzokaralardan ko‘ra ko‘proq bir-biriga yaqinlashtirdi”, -deya ta’kidladi Sobirov.
Fuqarolik jamiyati haftaligi — O‘zbekiston poytaxtida har yili dekabr oyining birinchi haftasida o‘tkaziladigan an’anaviy tadbirdir. Haftalik fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni baholash, ularning ijtimoiy taraqqiyotga qo‘shgan hissasini tahlil etish hamda ushbu sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun maydon vazifasini bajaradi.