TOShKENT, 4 dek – Sputnik. Qozog‘istonning Chimkent shahrida Telegram orqali faoliyat yurituvchi xalqaro giyohvandlik tarmog‘i fosh etildi. Bu haqda Qozog‘iston bosh prokurori o‘zining X sahifasida xabar berdi.
Aytilishicha, pullar “dropper”lar (bank kartasini pul evaziga boshqa shaxsga vaqtincha foydalanishga berib turuvchilar) orqali va litsenziyasiz kriptobirjalar yordamida o‘tkazib kelingan. Kriptovalyutalarning yakuniy oluvchilari esa xorijiy davlatlar fuqarolari bo‘lgani aniqlangan.
Tergov davomida Chimkent hududida ikki giyohvandlik laboratoriyasi topilib, yo‘q qilindi. Ulardan:
6,1 kg tayyor mefedron;
330 gramm sotish uchun o‘ralgan moddalar;
2,1 tonna prekursor (giyohvand moddalarni tayyorlashda qo‘llanadigan kimoviy modda);
laboratoriya uskunalarining to‘liq to‘plami olindi.
Jinoiy tarmoq bir nechta Telegram kanallaridan foydalangan bo‘lib, ular orqali nafaqat giyohvand moddalar tarqatilgan, balki “birinchi foydalanuvchilar”ga ularni ishlab chiqarish texnologiyalari ham o‘rgatilgan.