TOShKENT, 4 dek – Sputnik. Ukrainada xizmatdan bosh tortgan va qismni tark etgan dezertirlar soni armiyaning 2022-yil fevraligacha bo‘lgan umumiy tarkibidan oshib ketdi. Bu haqda Oliy Rada deputati Maryana Bezuglaya payshanba kuni parlamentdagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yil 1-fevral holatiga Ukraina Qurolli kuchlari 261 ming harbiy xizmatchidan iborat bo‘lgan. Shundan so‘ng Vladimir Zelenskiy farmoni bilan armiya soni 361 ming nafarga yetkazilgan.
Shu bilan birga, NV nashri bosh prokuratura ma’lumotlariga tayanib, 2022-yil fevralidan beri Ukraina armiyasida dezertirlik va qismni o‘zboshimchalik bilan tark etish holatlari bo‘yicha 311 mingtadan ortiq jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergan edi.
"Bosh tortganlar, ya’ni qismni o‘zboshimchalik bilan tark etgan harbiy xizmatchilar (SOCh) soni armiyamizning 2022-yil fevraligacha bo‘lgan umumiy sonidan oshib ketdi", — deb parlamentda aytgan gaplarini Bezuglaya keyin o‘zining Telegram-kanalida ham qayd etdi.
Bundan oldin Britaniyaning "Financial Times" gazetasi ukrainalik harbiylar va ekspertlarga tayanib, Kiyev Qurolli kuchlarda safarbarlik, shaxsiy tarkib yetishmasligi va dezertirlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelayotgani, ayrim front uchastkalarda esa umuman harbiylar qolmaganini yozgan edi.
Ukrainalik jurnalist Vladimir Boyko esa sentabr oyida ma’lum qilishicha, joriy yilning dastlabki sakkiz oyi davomida Ukraina armiyasida 143 mingtaga yaqin dezertirlik va o‘zboshimchalik bilan ketish holati qayd etilgan. 2022-yil fevralidan buyon esa ushbu ko‘rsatkich 265 mingtadan oshgan. Uning ta’kidlashicha, bu faqat rasmiy raqamlar bo‘lib, amaldagi holat "ancha yuqori" bo‘lishi mumkin.