TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin seshanba kuni Kremlda AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner va prezidentning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffni qabul qildi.
Uchrashuvda prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) rahbari, Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham ishtirok etdi. Bu Donald Tramp vakilining joriy yildagi oltinchi tashrifi hisoblanadi.
Manbalarga ko‘ra, Kushner va Uitkoff Putinga Kiyev rasmiylari bilan kelishilgan tinch yo‘ldagi yechim bo‘yicha AQSh tomoni ishlab chiqqan hujjatlarni taqdim etgan.
Uchrashuv natijalari rasman oshkor etilmadi, ammo muzokaralarda ishtirok etgan Yuriy Ushakov jurnalistlar savollariga javob berdi.
Ushakovning aytishicha, muzokaralarda Ukraina bo‘yicha Amerika tomoni taqdim etgan bir nechta tashabbuslar muhokama qilingan.
“27 ta bandni o‘z ichiga olgan hujjat bor edi — u bizga topshirildi, biz u bilan tabiiy ravishda tanishdik. Keyin biz yana to‘rtta hujjatni oldik, ular ham bugungi uchrashuvda muhokama qilindi”, — dedi Ushakov.
Uning ta’kidlashicha, hujjatlar bo‘yicha aniq ta’riflar muhokama qilinmagan, asosiy e’tibor ulardagi mazmunga qaratilgan.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina inqirozini hal qilish uchun eng muhim omil — hududiy muammolarni aniq muhokama qilishdir.
“Aniq hududiy muammolar muhokama qilindi, ularsiz biz inqiroz yechimini ko‘ra olmaymiz”, — dedi Rossiya prezidenti yordamchisi jurnalistlarga.
U, shuningdek, tinchlikka yaqinlashilayotgani yoki yo‘qligi haqidagi savolga javoban:
“Uzoq emas, bu aniq”, — deya javob berdi siyosatchi.
Ushakov bu uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi muloqotning yangi bosqichi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
“Agar biz haqiqatan ham hamkorlik qilishni istasak, buning uchun ulkan imkoniyatlar bor. Biz Moskvada ham, Vashingtonda ham bunga haqiqiy intilishni ko‘rsatishimiz kerak”, — dedi u.
Putin yordamchisining aytishicha, muzokaralarda ikki tomon ham muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.
"Biz vakillar, yordamchilar va boshqa vakillar darajasida amerikaliklar bilan, xususan, bugun Kremlga kelgan ushbu ikki kishi bilan aloqalarni davom ettirishga kelishib oldik", - dedi Ushakov
Ushakov ehtimoliy Putin–Tramp uchrashuvi masalasiga ham to‘xtaldi.
“Prezident darajasidagi ehtimoliy uchrashuv bu yo‘lda qanday yutuqlarga erishishimizga bog‘liq bo‘ladi. Oldinda katta ishlar turibdi”, — dedi u.
Ushakovning ma’lum qilishicha, Kremldagi muzokaralarda Vashington taklif qilgan tinch yo‘ldagi uzoq muddatli siyosiy yechimning umumiy mazmuni ko‘rib chiqilgan.
“Biz aniq ta’riflarni yoki aniq takliflarni muhokama qilmadik, balki Amerika hujjatlarida nazarda tutilgan narsalarning mohiyatini muhokama qildik”, — dedi Rossiya yetakchisi yordamchisi.