TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Qozog‘iston energetika vazirining “Elektr energiyasi uchun cheklangan tariflarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruq loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda elektr energiyasi uchun cheklangan tariflar energiya ishlab chiqaruvchi tashkilotlar guruhlari bo‘yicha yetti yillik davrlar uchun tasdiqlanadi. Zaruriyat tug‘ilganda, ularga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
“Mamlakatda tariflar o‘sishini vaqtincha muzlatish to‘g‘risida qaror qabul qilingani uchun 2026–2032 yillarga mo‘ljallangan cheklangan tariflar 2025-yil darajasida saqlab qolinadi”, — deyiladi buyruq loyihasida.
Shu bilan birga, tariflarning ushbu tarzda tasdiqlanishi yagona xaridor narxiga ta’sir qilmasligi ta’kidlanmoqda. Yangi tariflar 2026-yil 1-yanvardan amalga kiritilib, 2032-yil oxirigacha amal qiladi.
Loyihaning jamoatchilik muhokamasi 17-dekabrga qadar davom etadi.