TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Guliston shahrining “Taraqqiyot” MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajada kuyish va tan jarohatlari olgan, 3 kishi vafot etgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, yong‘in 2-dekabr kuni soat 10:49 da sodir bo‘lgan. Tez yordam xizmatining Call-markaziga 11:13 da xabar kelib tushgan.
Jabrlanganlarning:
26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialiga yotqizilgan;
3 nafariga ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan;
1 bemorning ahvoli o‘ta og‘ir, u sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Reanimatsiyadagi bemorlardan:
5 nafari stabil og‘ir, hushida, mustaqil nafas olmoqda.
Shuningdek, jarohat olganlar orasidan ikki nafar homilador ayol holati nazorat maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola markazining Sirdaryo filialiga ko‘chirilgan.
Qolgan 15 bemorning ahvoli qoniqarli, ular tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda.