TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Rossiyaning Chuvashiston Respublikasi delegatsiyasi Buxoro va Navoiy viloyatlariga xizmat safari davomida bir qator qo‘shma biznes loyihalarni muhokama qildi. Bu haqda Chuvashiya rahbari o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.
Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, sutchilik va sanoat sohalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, Chuvashiyaning “Slava kartofele” agrofirmasi Buxoro viloyatiga yiliga 200 tonna elita urug‘lik kartoshka yetkazib berishga tayyor.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik hamkorlar Chuvashiyadagi “CheboMilka” bazasida embrion texnologiyalarini o‘rganish va mahsuldor sigirlar zotini ko‘paytirish bo‘yicha tajriba almashishga qiziqish bildirgan.
Sanoat yo‘nalishida ham muzokaralar o‘tdi. “Texmashxolding” va “Tekstilmash” kompaniyalari O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarining tenderlarida ishtirok etish va ehtiyot qismlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, “ChETRA” kompaniyasi zanjirli buldozerlar, quvur yotqizish texnikalari va yurish tizimlari uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berish bo‘yicha imkoniyatlarini taqdim etdi.