TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Pekin shahrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida iqtisodiy rivojlanish hamda tajriba almashishga qaratilgan maxsus dastur o‘z ishini boshladi. Loyiha O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) hamda Xitoy Davlat taraqqiyot va islohotlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan.
Dastur institutsional hamkorlikni chuqurlashtirish, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va sanoat sohasida Xitoy tajribasini o‘rganishga qaratilgan. Shu kunning o‘zida ISSV va Xitoy Davlat taraqqiyot va islohotlar qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmi doirasida ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda savdo, transport va logistika aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma loyihalar, jumladan Markaziy Osiyoda BeiDou yo‘ldosh navigatsiya tizimining mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik muloqot va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.