TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi(YeIK) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) Ishbilarmonlar kengashining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha Maslahat kengashining XI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda integratsiya jarayonlarining biznes muhitiga ta’siri yuzasidan monitoring natijalari taqdim etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ittifoq doirasidagi o‘zaro savdo 2024-yilda 2023-yilga nisbatan 9 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 16 foizga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar esa 17 foizga oshgan.
YeIK Hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev ta’kidlaganidek, YeOII doirasida sanoat korxonalarining tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish Komissiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Yig‘ilish yakunida Hay’at raisi Komissiyaning asosiy vazifasi Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasining imkoniyatlarini to‘la ochish orqali YeOII hududida biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish ekanini qayd etdi va ishbilarmonlarni yanada faol va ochiq muloqotga chaqirdi.
Maslahat kengashi faoliyatining maqsadi YeOII Komissiyasi va Ishbilarmonlar kengashi o‘rtasida Komissiya vakolatiga kiruvchi sohalarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha samarali muloqotni ta’minlashdan iborat.