TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati “Yashil va barqaror bozor iqtisodiyoti” dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollarlik moliyalashtirish kelishuvini imzoladi. Bu haqda OIIB matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur mamlakatning yashil, barqaror va bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishini jadallashtirishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, ushbu islohotlar past uglerodli o‘sish, davlat sektori samaradorligi va iqlimga chidamlilikni oshirishga qaratilgan siyosat va boshqaruv mexanizmlarini mustahkamlashni nazarda tutadi.
OIIBning iqlimga yo‘naltirilgan Moliyalashtirish (CPBF) yondashuvi doirasida operatsiya energetika sohasida samaradorlikni oshirish, davlat korxonalarida boshqaruvni kuchaytirish, iqlimga moslashtirilgan davlat xaridlarini kengaytirish, uglerod kreditlari uchun shaffof hisobot va verifikatsiya tizimini joriy etish orqali xususiy investitsiyalarni jalb qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
OIIB bosh investitsiya direktori Konstantin Limitovskiyning ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik O‘zbekistonning iqlimiy va iqtisodiy islohotlariga muhim turtki beradi, iqlim moliyalashtirish hajmini kengaytirish uchun shart-sharoit yaratadi.
Dastur Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va “Yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” (2019–2030) hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni qo‘llab-quvvatlaydi. U toza energiya tizimlarini rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va xususiy kapitalni jalb qilish bo‘yicha islohotlarga hamohang.
OIIB — 2016-yilda tashkil etilgan, 111 ta a’zo mamlakatga ega, 100 milliard dollar ustav kapitali bilan “AAA” reytingiga ega ko‘p tomonlama rivojlanish banki bo‘lib, barqaror infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.