TOShKENT, 27 noya – Sputnik. Toshkent shahrining 12 tumanidagi qurilish obyektlari kompleks o‘rganilishi natijasida 15 ta obyektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi va 70 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
O‘rganish Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya, Qurilish inspeksiyasi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli idoralar ishtirokida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishiga ko‘ra, jarayonga 140 nafar xodim jalb etilgan va tadbirlar davomida 96 ta qurilish obyekti o‘rganilgan. Shulardan 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishini oldini olishga oid majburiy talablar buzilgani aniqlangan.
Shuningdek, 47 ta holatda qurilish maydonining kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi bajarilmagani qayd etilgan.
Bundan tashqari, 24 ta obyektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilgan, 62 ta obyektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun maxsus basseynlar tashkil etilgani ma’lum qilindi.