TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyat nisbatan barqaror saqlanib turibdi, ammo Afg‘onistondagi murakkab holat mintaqa xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Bu haqda Toshkentda o‘tkazilayotgan ShHT mamlakatlarida terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (CARICC) boshlig‘i Azizbek Erkaboyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda “Tolibon” harakati ichidagi kelishmovchiliklar, jumladan, turli guruhlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Shimoliy viloyatlarda vaziyatning beqarorlashishi Markaziy Osiyo mamlakatlari hududiga jangarilar kirib kelishi, shuningdek, Sharqiy Turkiston islom harakatining (O‘zbekistonda taqiqlangan tashkilot) faollashuvi xavfini kuchaytirmoqda.
“Narkobiznesning o‘sishi ekstremistik tuzilmalarni moliyalashtirishning qo‘shimcha manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin, bu esa narkobiznes va terrorizm o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi”, — dedi Erkaboyev.
Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (CARICC) — narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik organi hisoblanadi.