Mirziyoyev va Toqayev yangi loyihalarni ishga tushirdi

Prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev yirik kooperatsiya loyihalarini ramziy ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Xususan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va “Tenge Bank”ning Toshkentdagi yangi bosh ofisi ishga tushirildi.
Shuningdek, “Silkway Central Asia” ko‘p tarmoqli logistika markazi, chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari, Yangi Toshkentda “Ostona” mavzesi hamda poytaxtlarda “Toshkent” va “Ostona” mehmonxona majmualari qurilishi boshlandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari ushbu loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Bundan oldin Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘zaro savdo o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi va umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo‘lgan keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasi dasturi taqdim etildi. Shuningdek, hamkorlikning muhim sohalari belgilab olindi:
Transport va logistika sohasida “Uchquduq – Qizilo‘rda” yo‘nalishini yaratish, Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni rag‘batlantirish;
Energiya resurslarini tashish va qayta ishlash, energiyani tejash, “yashil” texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish;
Suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘riladi, Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolanadi.
Gumanitar aloqalar. 2025 yilda Olmaota va Ostona shaharlarida qo‘shma madaniy tadbirlar – “Lazgi” baleti, rassomlar ko‘rgazmasi, adabiyotchilar forumi va yoshlar festivali, shuningdek, O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari va Toshkent shahrida Ostona kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Fan va ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston va Qozog‘istonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va ma’naviy merosini ommalashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatlararo oliy kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.