TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekistonda foydalanuvchi subyektlarga ko‘ra bank kartalarining turlari kengaytirildi. Adliya vazirligi tegishli Buyruqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra:
Biznes bank kartasi – yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish imkonini beradi.
Ijtimoiy bank kartasi – ijtimoiy va boshqa to‘lovlardan tushgan mablag‘larni boshqarish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, oldindan emissiya qilinadigan shaxsiy bank kartalarini chiqarish va ularni mobil ilovalar orqali foydalanuvchini identifikatsiya qilgan holda aktivlashtirish tartibi belgilandi.
Endilikda 14–18 yoshdagi voyaga yetmagan shaxslar o‘zlari mustaqil ravishda, 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida tijorat banklarida bank kartasini ochishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali to‘lash imkoniyati yaratildi.