TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidagi katta yo‘l bo‘ylab 46 kilometr masofada jami 48 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur ishlar “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida amalga oshirilmoqda. Aksiyada respublika ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar vakillari faol ishtirok etmoqda.
Aytilishicha, prezident topshirig‘iga muvofiq, joriy yilning kuz mavsumida 125 million tup, 2026-yil bahor mavsumida esa 75 million tup ko‘chat ekish vazifasi belgilangan.
Kuzgi mavsumda ko‘chat ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida 2025-yil 8-noyabrdan boshlab “dolzarb bir oylik” e’lon qilindi.