TOShKENT, 6 noya – Sputnik. 2025–2026 yillarda O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tegishli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori imzolandi.
Dasturda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:
har yili oktabrning birinchi haftasida Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligini o‘tkazib borish;
har yili oktabr oyida qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan respublika darajasida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish;
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish.
Qarorga ko‘ra, o‘quvchi yoshlar va talabalar ishtirokida qatag‘on qurbonlari tavallud topgan maskanlarda “Yurt va millat fidoiylari yoddan chiqmaslar” mavzusida uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkaziladi.