TOShKENT, 6 noya – Sputnik. Toshkent metrosida kutubxonalar tarmog‘i ochildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Turon kitob bekati” deb nomlangan loyiha doirasida mahalliy va xorijiy mualliflarning asarlari joylashtirilgan kitob javonlari metropolitenning qator bekatlarida o‘rnatildi.
Hozirgi kunda "Alisher Navoiy" va "Paxtakor" bekatlari o‘rtasidagi o‘tish joyida, shuningdek, "Turkiston", "Buyuk Ipak yo‘li", "Beruniy", "Chilonzor", "Mingo‘rik", "Toshkent" va "Do‘stlik" bekatlarida kutubxona javonlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Loyiha doirasida kelgusida yer osti va yer usti metrosining barcha bekatlarida, shu jumladan, bekatlararo o‘tish joylarida ham kutubxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
V metro Tashkenta otkrilas set bibliotek
© Sputnik
Yo‘lovchilar javondan istagan kitobni olib, sayohat vaqtida o‘qishlari mumkin. Kitobni avvalgi joyiga yoki kutubxona javoni mavjud bo‘lgan istalgan stansiyaga qaytarish talab etiladi.
Loyiha “Toshkent metropoliteni” DUK, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda “Turonbank” hamkorligida amalga oshirilmoqda.