TOShKENT, 5 noya – Sputnik. YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Rossiyalik diplomat YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishini yuqori baholab, O‘zbekistonda bunday nufuzli xalqaro forumning o‘tkazilishi mamlakatning jahon maydonidagi ortib borayotgan nufuzining yaqqol ifodasi bo‘lganini ta’kidladi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.