TOShKENT, 5 noya – Sputnik. Birlashgan ekspeditsiya korpusi (Joint Expeditionary Force, JEF) Ukraina bilan kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. Ushbu kelishuv doirasida JEFga a’zo davlatlar Ukraina Qurolli kuchlari bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda chorshanba kuni Britaniya Mudofaa vazirligi xabar berdi, deya yozadi RIA Novosti.
"Buyuk Britaniya va ittifoqchi davlatlar Ukraina bilan kengaytirilgan sheriklik asosida harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda. Bu Yevroatlantika xavfsizligini, xususan, shimoliy va Boltiq hududlarida mustahkamlaydi", — deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, ushbu hamkorlik doirasida Ukraina Qurolli kuchlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkaziladi va muhim infratuzilmalarni, uchuvchisiz uchish apparatlarini, harbiy tibbiyot sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kelishuv JEF mamlakatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishi doirasida Norvegiyada Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ishtirokida imzolangan.
Rossiya Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni kelishuvlar yo‘lidagi to‘siq, NATO davlatlarini mojaroga tortadigan omil va "o‘t bilan o‘ynash" deb hisoblamoqda. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Ukraina uchun bo‘lgan har qanday qurol yuki Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanadi.
Kreml ham G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazib berishi muzokaralarga yordam bermasligini, aksincha, salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va NATO Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etayotganini qayd etdi — bu nafaqat qurol-yarog‘ jo‘natish, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va boshqa mamlakatlar hududida Ukraina qo‘shinlari uchun kadrlar tayyorlash orqali ham amalga oshirilayapti.
Ma’lumot uchun: JEF — Buyuk Britaniya yetakchiligidagi harbiy hamkorlik formati bo‘lib, tarkibiga yana to‘qqizta davlat: Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Estoniya, Latviya, Litva va Niderlandiya kiradi. Ushbu davlatlar NATO a’zosi hisoblanadi va JEF zarur hollarda NATO operatsiyalariga integratsiya qilinishi mumkin. Qo‘mondonlik Britaniya qurolli kuchlari tomonidan amalga oshiriladi.