TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekistonda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatiladi. Prezident tegishli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2030 yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarni davolash va oldini olishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi,
jumladan:
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadigan kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklar turini 5 tadan 10 taga yetkazish;
ushbu kasalliklarga chalingan bolalarning dori vositalari, maxsus oziq-ovqatlar va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanish darajasini 95 foizdan 99 foizgacha yetkazish;
kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalar salomatligini muhofaza qilish va tiklash.
2026 yil 1-yanvardan ushbu turdagi kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan bemorlar bepul tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va davolanish ishlari davom ettiriladi.