TOShKENT, 3 noya – Sputnik. Afg‘onistonning Samangon provinsiyasida bugun tunda 7 balli zilzila qayd etildi va uning ta’sirida O‘zbekistonda ham 5 ballgacha silkinish kuzatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Zilzilaning O‘zbekiston hududidagi sezilish kuchi quyidagicha:
Surxondaryo viloyatida — 5 ball;
Qashqadaryo viloyatida — 3–4 ball;
Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida — 3 ball;
Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida — 2–3 ball.
Hozirgi vaqtga qadar zilzila oqibatidagi talafotlar haqida ma’lumot kelib tushmagani qayd etilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda zilzila oqibatida vafot etganlar 20 nafarga, jabrlanganlar 300 nafarga yetgan.