TOShKENT, 2 noya – Sputnik. “Xabarovsk” atom suv osti kemasi Arxangelsk viloyatidagi Severodvinskda suvga tushirildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Uni suvga tushirish marosimi Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov rahbarligida “Sevmash” kemasozlik korxonasida bo‘lib o‘tdi.
Og‘ir atom raketali kreyser yangi dengiz suv osti quroli va robotlashtirilgan turli vositalarni tashishga mo‘ljallangan.
“Kema hali qator turkum dengiz sinovlaridan o‘tishi zarur. Ekipaj va topshirish jamoasiga ularni muvaffaqiyatli o‘tkazishni tilayman”, - dedi Belousov.
Suvga tushirilgan “Xabarovsk” atom suv osti kemasi “Poseydon” yadro suv osti majmuasi uchun maxsus qurilgan, deya ma’lum qildi RIA Novostiga Rossiya harbiy-dengiz floti Bosh shtabining sobiq boshlig‘i admiral Viktor Kravchenko.
Ta’kidlanishicha, suv osti kemasining asosiy vazifasi Rossiya dengiz chegaralari xavfsizligini ta’minlash va Tinch okeanining turli hududlarida mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilish sanaladi.