TOShKENT, 31 okt – Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Bahraynda yakuniga yetayotgan III Osiyo yoshlar o‘yinlarida ishtirokini yakunlab, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
"Osiyoning 45 ta mamlakatidan 4000 nafardan ortiq yosh sportchi ishtirok etgan mazkur musobaqada O‘zbekiston yosh sportchilari yuksak mahorat va jasorat ko‘rsatib, murosasiz bellashuvlarda 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida Xitoydan keyin ikkinchi bo‘ldi", - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu natijaning tarixiy ahamiyati shundaki, O‘zbekiston I Osiyo yoshlar o‘yinlarida 3 ta bronza, II O‘yinlarda esa 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu gal ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘ldi.