TOShKENT, 30 okt – Sputnik. Markaziy Osiyo tarixida ilk bor "FIA General Assembly" va "FIA Awards" marosimi Toshkentda o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkentdagi tadbirlar doirasida ilk bor "FIA Gala" — avtosport dunyosidagi eng nufuzli mukofotlar marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu marosimda turli avtomotosport chempionatlari g‘oliblari tantanali tarzda taqdirlanadi.
Tadbirda jahon avtosportining eng nufuzli tashkiloti — FIA rahbariyati, 149 ta mamlakatdan 500 nafardan ortiq yuqori martabali delegatlar va milliy federatsiyalar vakillari, shuningdek, 100 nafardan ortiq professional poygachilar ishtirok etishadi.
Ma’lumot uchun: FIA (Fédération Internationale de l’Automobile) — Xalqaro avtomobil federatsiyasi, 1904-yilda tashkil topgan. Avtosport va avtomobilizm sohasidagi eng yirik xalqaro tashkilot bo‘lib, u Formula 1, World Rally Championship (WRC), World Endurance Championship (WEC) kabi chempionatlarni boshqaradi. FIA General Assembly — avtosport bo‘yicha Xalqaro avtomobil federatsiyasining yillik yig‘ilishi.