TOShKENT, 26 okt – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) shtab-kvartirasida Xitoy bilan savdoni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi YeIK matbuot xizmati.
Seminarda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlat hokimiyati va biznes organlari vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
“Xitoy Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining asosiy savdo hamkori bo‘lib, u bizning tashqi dunyo bilan umumiy aylanmamizning uchdan bir qismini tashkil qiladi. Sanoat mahsulotlari va iste’mol tovarlarining ko‘p sonli pozitsiyalari bo‘yicha Xitoyning importdagi ulushi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bilan birga, Xitoy bozori eksportchilarimiz uchun juda muhimdir”, – deya ta’kidladi YeIK savdo vaziri Andrey Slepnyov.
Noyabrning birinchi yarmida Moskvada YeOII va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, uning hamraisi YeIK vaziri hisoblanadi. Seminar materiallari tadbirni tayyorlashda ishlatilishi rejalashtirilgan.
Xitoy bilan savdoda asosiy to‘xtatuvchi omillar orasida ma’ruzachilar moliyaviy-hisob-kitob va texnik to‘siqlar mavjudligini, standartlashtirish, sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash, bojxona rasmiylashtiruvi va logistika, shuningdek intellektual mulk huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq muammolarni ta’kidlashdi. Shu bilan birga, tadbirkorlik hamjamiyati tomonidan shikoyatlarning umumiy soni sezilarli darajada kamayganligi qayd etildi.