TOShKENT, 23 okt – Sputnik. Rossiya harbiylari Ukraina Qurolli Kuchlarining DXRdagi pozitsiyalariga hujum chog‘ida arab davlatlaridan kelgan yollanma askarlar guruhiga zarba berdi va ularning ko‘p qismini yo‘q qildi, qolganlarini esa asirga oldi. Bu haqda RIA Novosti “Janub” qo‘shinlar guruhi jangchisi bergan ma’lumotga tayanib xabar berdi.
“Dushmanning navbatdagi pozitsiyasiga hujum qilindi. Jang davomida ularning kelib chiqishi arab ekani ma’lum bo‘ldi. Ularning yarmidan ko‘pi yo‘q qilindi, qolgan qismi taslim bo‘ldi”, — dedi jangchi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev rejimi xorijlik yollanma askarlardan “to‘p yemi” sifatida foydalanayotganini va rossiyalik harbiylar ularni butun Ukraina bo‘ylab yo‘q qilishda davom etayotganini ta’kidlagan.
Pul uchun urushga kelgan yollanma askarlar o‘zlari ham intervyularida ukrainalik harbiylar harakatlari yetarlicha muvofiqlashtirilmaganini va janglarda omon qolish imkoniyati juda kamligini tan olishgan, chunki mojaroning intensivligi ular o‘rganib qolgan Afg‘oniston va Yaqin Sharq bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Avvalroq, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova G‘arb Ukrainadagi mojaroda yollanma askarlarni yuborish orqali o‘zini mojaro tomoni maqomida mustahkamlaganini ta’kidlagan edi.
Sergey Lavrov esa ayrim davlatlar Ukraina hududiga yollanma askarlar niqobi ostida o‘z harbiy kadrlarini yuborishiga yo‘l qo‘yganini bildirgan.