Neyrotarmoq va OAV: Toshkentda SputnikPRO mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Zamonaviy neyrotarmoqlardan OAVda qanday foydalanish mumkin? Buning qanday xavfli tomonlari bor?
Sputnik
TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Toshkentdagi O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetida “Ilhom algoritmlari. Neyrotarmoqlar va vizual kontent kelajagi” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir SputnikPRO loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda 35 dan ortiq talaba ishtirok etdi.
“Rossiya segodnya” mediaguruhi fotoaxborot direksiyasi bild-muharriri Anna Markelova talabalarga zamonaviy neyrotarmoqlarning vizual kontent yaratishdagi imkoniyatlari va sun’iy intellekt bilan ishlash qoidalari haqida so‘zlab berdi.
Mahorat darsidan asosiy tezislar:
Algoritmlar bilan samarali ishlash — vazifani aniq va to‘g‘ri qo‘yishni talab etadi.
Neyrotarmoq yordamida maqolalarni “jonlantirish”, uni yanada ko‘rgazmali va vizual jihatdan jozibador qilish mumkin.
Sun’iy intellekt orqali yaratilgan tasvirlar, ayniqsa, tarixiy yoki kelajak mavzular uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Mahorat darsining amaliy qismida Markelova sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlarni haqiqiy fotosuratlardan qanday farqlash mumkinligini tushuntirib berdi.
Dars yakunida talabalar savollar berishdi va kerakli maslahatlarni olishdi.
Ma’lumot uchun: SputnikPRO - Sputnik agentligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro ta’lim loyihasi bo‘lib, u jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va yuqori kurs talabalari uchun rossiyalik va xorijiy media-menejerlar, ekspertlar va mutaxassislar seminarlari, ma’ruzalari va mahorat darslarini birlashtiradi.