Favqulodda vaziyatlar tahlili sun’iy intellekt asosida avtomatlashtiriladi

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida favqulodda vaziyatlar sohasida sun’iy intellekt va raqamli yechimlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etish sohasiga sun’iy intellekt, robototexnika va zamonaviy raqamli texnologiyalar keng joriy etiladi. Bu yo‘nalishdagi islohotlarni belgilab beruvchi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
hududlarda favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va oqibatlarini kamaytirish faoliyatini ustuvor vazifa sifatida qabul qilish orqali mahallalar darajasida keng qamrovli profilaktika mexanizmlarini yaratish va samarali tatbiq qilish;
favqulodda vaziyatlar yo‘nalishida davlat nazorati shakllarining talablari hamda meyorlarini zamon talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini belgilash;
favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etish sohasiga sun’iy intellekt, robototexnika va zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, mazkur holatlarning oldini olishga mas’ul idora va tashkilotlarning axborot tizimlarini yagona texnologik platformaga birlashtirish.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish konsepsiyasi doirasida davlat siyosatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda profilaktik tadbirlarini “mahallabay” va “xonadonbay” amalga oshirish;
aholi, ko‘ngilli qutqaruvchilar va volontorlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlariga keng jalb etish;
monitoring va prognoz ko‘rsatkichlarini baholash hamda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlari, talafoti va ko‘lamini aniqlash metodikasi va metodologiyasini zamon talablariga muvofiqlashtirish;
energetika, radiatsiyaviy, kimoviy, yonish-portlash va boshqa xavf manbai yuqori iqtisodiyot obyektlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha yangi tizim yaratiladi