TOShKENT, 16 okt – Sputnik. Qozon shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning o‘ninchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, agrar, ta’lim va gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-iyul oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 6,5 foizga, O‘zbekiston eksporti esa 17 foizga oshgan.
O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari hamkorligi bo‘yicha komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi
© Foto : Oliy majlis senati
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning 14 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi filiallari faoliyat yuritmoqda, ularda 20 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Majlisda, shuningdek, ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish, transport-logistika tizimini takomillashtirish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish hamda gumanitar sohalarda qo‘shma dasturlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.