TOShKENT, 16 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt yaqinida qurilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport loyihasi bilan tanishdi. Qurilishning birinchi bosqichi rasman boshlandi.
Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekiston kelgusida Sharq va G‘arb, Janub va Shimol o‘rtasidagi yirik aviatsiya habiga aylanishni maqsad qilgan. Bu boradagi islohotlar transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ayniqsa, aviatsiya sohasida yangi ekotizim yaratish orqali amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi
© Foto : Prezident matbuot xizmati
Yangi aeroport nega zarur?
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 8-yilda Toshkentga parvoz qiluvchi yo‘lovchilar soni 3 barobarga oshib, yiliga 9 million kishiga yetgan. 2040-yilga borib bu raqam 24 millionga yetishi kutilmoqda. Mavjud aeroport esa maksimal 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning kengayishi uchun sharoit yo‘q.
“Shu sabab, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyichirchiq tumanlarida 1 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlandi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
2,5 mlrd dollarlik 1-bosqich
Loyiha Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiya kompaniyasi “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga:
yillik 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qilish imkoniga ega aerovokzal va aerodrom quriladi;
soatiga 30 ta samolyot qabul qilish, bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash, 14 ta teleskopik trapdan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
eng zamonaviy aeronavigatsiya tizimlari o‘rnatiladi;
har qanday ob-havo sharoitida parvozlarni qabul qilish imkoniyati ta’minlanadi.
“Yashil standart” asosida
Yangi aeroport mintaqada "yashil" standartlarga javob beradigan ilk aeroport bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 46 ming kvadrat metrli “Dutyfree” zonasi ham bo‘ladi.
Shuningdek, multimodal transport tizimi yaratilib, yangi aeroport:
Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llariga ulanadi;
zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tez yuruvchi poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi;
Toshkent shahri va Yangi Toshkent markazi bilan shatllar orqali bog‘lanadi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi
© Foto : Prezident matbuot xizmati
Aviatsiyada keskin o‘sish
Prezident qayd etganidek, so‘nggi yillarda:
mamlakatda 15 ta yangi aviakompaniya tashkil etilgan;
ularning parkidagi samolyotlar soni 26 tadan 105 taga yetgan;
bugungi kunda 51 ta xorijiy aviakompaniya O‘zbekistonga muntazam reyslar amalga oshirmoqda;
yaqin 5-yilda aviakompaniyalar parki 180 ta samolyotga, yo‘nalishlar soni 230 taga, yillik parvozlar esa 200 ming taga yetkaziladi.
27 mlrd dollarlik iqtisodiy samaradorlik
Yangi aeroport O‘zbekiston iqtisodiyotiga 27 milliard dollardan ortiq daromad olib kelishi kutilmoqda. Bu orqali xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalari rivojlanib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha doirasida ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliyaviy tashkilotlar va mutaxassislarga minnatdorlik bildirib, yangi aeroportning poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni rasmiy ravishda boshlab berdi.