TOShKENT, 14 okt – Sputnik. Turkiya prezidenti Rejep Tayyir Erdog‘an turkiy davlatlar fuqarolarini ishga joylashtirish tartibini soddalashtiruvchi farmonni imzoladi. Hujjat 10-oktabr kuni "Resmî Gazete" rasmiy axborotnomasida e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, turkiy millatga mansub xorijliklar Turkiyada murakkab ruxsatnoma olish jarayonlaridan o‘tmasdan ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Ularga davlat va xususiy tuzilmalarda tadbirkorlik va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi, armiya va xavfsizlik idoralarida xizmat qilish bundan mustasno.
Chet elliklar Turkiya fuqarolari bilan bir qatorda professional uyushmalarda ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bunda yashash va ishga joylashish uchun Turkiya fuqaroligiga ega bo‘lish talabi bekor qilinadi.
Bunday qaror 2025-yil 7-oktabrda Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 12-sammitidan ko‘p o‘tmay qabul qilindi. TDT tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar - Vengriya, Turkmaniston va qisman tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi.