TÜGİAD Farg‘onada mintaqaviy ofisini ochishi mumkin

Xayrullo Bozorov TÜGİAD – Turkiya yosh ishbilarmonlari uyushmasi koordinatori bilan uchrashdi. Tomonlar Farg‘onada mintaqaviy ofis ochish va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 14 okt – Sputnik. TÜGİAD – Turkiya yosh ishbilarmonlari uyushmasi Farg‘ona viloyatida mintaqaviy ofisini ochishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning TÜGİADning Turkiy davlatlar bo‘yicha koordinatori Jemal Ersoy bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi
Muloqotda Farg‘ona viloyatida TÜGİADning mintaqaviy ofisini ochish, mahalliy tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, onlayn formatda uchrashuvlar, tajriba almashinuvlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi texnologiyalari, quyoshdan elektr olish, tekstil kabi yo‘nalishlarda qator istiqbolli loyihalar takliflari bildirildi.
Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.
TÜGİAD – Turkiya yosh ishbilarmonlari uyushmasi milliy nodavlat tashkilot bo‘lib, Turkiyaning turli hududlaridagi yosh va faol tadbirkorlarni birlashtiradi.
Uyushma asosiy maqsadi yoshlarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, innovatsion g‘oyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat.
Farg‘ona va Leningrad viloyatlari qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi