Dushanbe Invest: Aripov sun’iy intellekt va yashil energetika bo‘yicha hamkorlikni taklif etdi

"Dushanbe Invest" forumida Abdulla Aripov sun’iy intellekt va yashil energetika yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi
Sputnik
TOShKENT, 14 okt – Sputnik. O‘zbekiston yashil energetika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash tarafdori. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston poytaxtida 14-16 oktabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan "Dushanbe Invest 2025" xalqaro investitsiya forumida ma’lum qildi.
Forum Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va investitsiyaviy imkoniyatlarni kengaytirishni maqsad qilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Abdulla Aripov mintaqaviy hamkorlik va yangi texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bayon etdi.
“Men xalqaro hamkorlarga yashil energetika sohasida qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan sun’iy intellekt modellari ustida birgalikda ishlash taklifi bilan murojaat qilmoqchiman”, — dedi Aripov.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash va tashqi bozorlarga energiya resurslarini yetkazib berishda tranzit salohiyatidan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u kreativ sanoatni rivojlantirish va biznes yuritishning samarali usullarini joriy etish zarurligini qayd etdi.
Aripovning fikricha, sun’iy intellekt va yashil energetika sohasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki barqaror rivojlanish va energiya tejamkor yechimlarni amalga oshirish uchun asos yaratadi, deya yozadi TASS.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qatorda Malayziya, Eron va arab mamlakatlari delegatsiyalari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Asosiy mavzulardan biri — yashil energetika va raqamlashtirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash.
O‘zbekiston va YeOII
O‘zbekiston va YeOII hamkorligi: Aripov qanday tashabbuslarni bildirdi