TOShKENT, 13 okt – Sputnik. FIFA Kengashining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov 2025–2029 yillar uchun Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qo‘mitasining rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qo‘mita futbolni zamonaviy texnologiyalar orqali rivojlantirishga qaratilgan eng muhim tuzilmalardan biri hisoblanadi.
Qo‘mita VAR, golni aniqlash texnologiyasi, yarimavtomatik ofsayd tizimi, raqamli monitoring, sun’iy intellekt kabi innovatsion yechimlarni rivojlantirish, sinovdan o‘tkazish va futbolga joriy etish ustida ish olib boradi.
Qo‘mitaga FIFAning Futbol texnologiyalari bo‘yicha direktori Yoxannes Xolsmuller rahbarlik qiladi.
Shuningdek, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov Sohil futboli qo‘mitasiga (Beach Soccer Committee), O‘FA ayollar futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Yuliya Panina Ayollar milliy terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar qo‘mitasiga (Women's National Team Competitions Committee) tayinlandi.