TOShKENT, 11 okt – Sputnik. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Ozarbayjonning “PASHA Real Estate” kompaniyasi rahbari Elchin Gadimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida “Ritz-Carlton” brendi ostida qurilayotgan, umumiy qiymati 200 million AQSh dollari bo‘lgan besh yulduzli mehmonxona va turar joy majmuasi qurilishining amalga oshirilish jarayoni muhokama qilindi.
Loyiha doirasida Britaniyaning Benoy kompaniyasi bilan hamkorlikda obyektlarning bosh rejasi ishlab chiqilgan.
Hozirda qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yil yakuniga qadar yerosti inshootlarini qurish bosqichi yakunlanib, binolarning ustki konstruksiyalarini barpo etish bosqichi boshlanishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.