Yevropa Ittifoqi chegaralarida kirish tartibi o‘zgaradi

Yevropa Ittifoqi chegaralarida tizim o‘zgaradi — pasportga muhr bosish amaliyoti o‘rniga yangi raqamli kirish-chiqish tizimi joriy etiladi. U fuqarolar ma’lumotlarini elektron tarzda qayd etadi
Sputnik
TOShKENT, 11 okt – Sputnik. Yevropa Ittifoqi (YeI) 2025-yil 12-oktabrdan tashqi chegaralarda yangi raqamli nazorat tizimi — Yagona kirish-chiqish tizimi (EES)ni joriy etishni boshlaydi. Bu haqda ma’lumot YeI rasmiy saytida e’lon qilindi.
Yangi tizim pasportlarga muhr bosish amaliyotini bekor qiladi. Endilikda uchinchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining Yevropa Ittifoqiga kirish va chiqish holatlari elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
YeIga birinchi marta kirish yoki chiqish paytida chet ellik fuqarolarning fotosuratlari va barmoq izlari olinadi. Bu chora chegaradagi nazoratni kuchaytirish hamda qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirishni maqsad qiladi.
YeI mamlakatlari tizimni olti oy davomida bosqichma-bosqich joriy etadi. Yangi mexanizm YeI fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning 180 kunlik davrdagi 90 kunlik qisqa muddatli safarlarini aniq hisobga olish imkonini beradi.
Readmissiya qilingan fuqarolarga xorijga chiqish pasporti beriladi – istisnolar belgilandi