O‘zbekistonda “O‘sish nuqtalari: Buyuk Ipak yo‘lidagi an’analar va taraqqiyot” nomli xalqaro forum o‘tdi. Uni “Xorijdagi ruslar instituti” ANT, Gorchakov jamg‘armasi, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti va Oltoy o‘lkasi hukumati tashkil etdi.
Forum “O‘sish nuqtalari” nomli xalqaro jamoatchilik diplomatiyasi loyihasi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazilgan ilk shunday tadbir bo‘ldi va u ikki manzilda - Toshkent hamda Samarqandda tashkil etildi.
Uning ochilishi G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan yoshlar tashkilotlarining yetakchilari va faollari, xalqaro munosabatlar sohasidagi hamda yosh mutaxassislar, talabalar to‘plandi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi katta maslahatchisi Valentin Gusev tabrik so‘zi bilan chiqib, Katta Yevroosiyo hamkorligi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
“Uning asosiy vazifasi — strategik manfaatlarni muvofiqlashtirish hamda infratuzilma va savdo tizimlarini uyg‘unlashtirish. Bunday yondashuv moslashuvchanlikni ta’minlab, turli rivojlanish darajasi va siyosiy yo‘nalishdagi davlatlarni jalb etish, yangi ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lish va ortiqcha majburiyatlar yuklamaslik imkonini beradi”, - dedi u.
Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi ta’lim dasturlari koordinatori Irina Suljina Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan davlatlarni birlashtiruvchi rus tilining muhim ahamiyatini ta’kidladi.
“Bugungi forum xalqlarimizni birlashtira oladigan umumiy muloqot tilini topish va o‘zaro aloqa nuqtalarini aniqlash uchun ajoyib imkoniyatdir”, - dedi u.
“Xorijdagi ruslar instituti” ANT direktori Sergey Panteleyev “O‘sish nuqtalari” loyihasi va uning Yevrosiyo integratsiyasi g‘oyasini ommalashtirishdagi, shuningdek, Yevroosiyo qit’asi xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirishdagi roli haqida so‘zladi.
“Biz besh yil mobaynida O‘zbekiston tomon safar uyushtirishni rejalashtirgan edik. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda yangi do‘stlar va hamkorlar orttiramiz”, - dedi u.
Forum ishtirokchilari orasida Oltoy o‘lkasidan kelgan delegatsiya ham bor edi.
“O‘zbekiston mintaqamizning eng asosiy uchta savdo hamkor davlatlarimiz qatoriga kiradi. Biz kelajakda hamkorligimizni yanada rivojlantirishni istaymiz. Bugungi forum mamlakatning turli maydonlari, ilmiy va ta’lim jamoalari bilan tanishish, shuningdek, kelajakda yirik qo‘shma loyihalarni rejalashtirish uchun ajoyib imkoniyatdir “, - dedi Oltoy o‘lkasi gubernatori ma’muriyati va hukumatining protokol faoliyati va tashqi aloqalar departamenti xalqaro hamkorlik bo‘limi maslahatchisi Yelena Bazina.
Forum doirasida panel muhokamalar, ekspertlar sessiyalari va munozaralari o‘tkazildi, u yerda taniqli mutaxassislar bilan bir qatorda yoshlar ham so‘zga chiqdi, ishtirokchilar yangi tashabbuslar va loyihalarni taqdim etishdi.
Forum siyosiy sharhlovchi, yosh o‘qituvchi va "Yevrosiyo klubi" xalqaro yoshlar ilmiy tashkiloti faollarini bir joyga to‘plab yoshlar muhokamalarini ham o‘z ichiga oldi.
Forum Samarqandda davom etdi. U yerda “O‘sish nuqtalari” loyihasi mutaxassislari va ishtirokchilarining Samarqand davlat universiteti talabalari hamda o‘qituvchilari bilan uchrashuvlari bo‘ldi. Shuningdek, Katta Yevroosiyo hamkorligini rivojlantirish istiqbollari mavzusida vaziyatni tahlil qilish bo‘yicha xalqaro mutaxassislar yig‘ilishi tashkil etildi.
Batafsil - Sputnik videosida.