TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Isroil va Falastinning HAMAS harakati mojaroga barham berish rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp va muzokaralarda vositachi bo‘lgan Qatar TIV ma’lum qildi.
“Men faxr bilan e’lon qilamanki, Isroil va HAMAS bizning tinchlik rejamizning birinchi bosqichini imzoladi”, - deya yozdi Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida.
HAMAS kelishuvlar doirasida barcha garovdagilarni ozod qilishga, Isroil esa qo‘shinlarini muvofiqlashtirilgan chiziqqa olib chiqib ketishga kelishib olgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, garovdagilar 13-oktabr kuni ozod qilinishi shart. “Ynet” portalining xabar berishicha, Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) birinchi bosqichda G‘azo sektorining 53 foiz hududini nazorat qiladi va G‘azo shahridan qo‘shinlarini olib chiqadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu barcha garovdagilar uyga qaytishiga umid bildirdi va kelishuvlarni “diplomatik muvaffaqiyat” deb atadi. Shuningdek, u Trampga minnatdorchilik bildirdi.
HAMAS G‘azo sektoridagi urushga barham beruvchi kelishuvlarni tasdiqladi. Bayonotga ko‘ra, omon qolgan isroillik garovdagilar deyarli ikki ming falastinlik mahbuslarga almashtiriladi.
Shu bilan birga, harakat Tramp va kafolat mamlakatlarni Isroilni kelishuvlarni bajarishga majburlashga chaqirdi. Shuningdek, HAMAS Falastin xalqi huquqlari, jumladan, uning ozodligi va o‘z kelajagini belgilash uchun kurashishdan voz kechmasligini bildirdi.
29 sentabr kuni Oq uy G‘azo sektoridagi urushga barham beruvchi “keng qamrovli reja”ni e’lon qildi. Hujjat 20 ta bandan iborat, xususan, quyidagilarni nazarda tutadi: G‘azoda vaqtinchalik tashqi boshqaruv joriy etish va u yerda vaziyatni izga solish uchun xalqaro kuchlarni joylashtirish. Isroil bu rejaga rozi bo‘ldi.
Falastinning HAMAS harakati G‘azodagi barcha garovdagilarni ozod qilishga tayyorligini bildirdi.
6 oktabr kuni Misrda Isroil va HAMAS delegatsiyalari muzokaralari AQSh, Qatar, Turkiya vositachiligida qayta tiklandi.