TOShKENT, 8 okt – Sputnik. O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tijorat banklarining kredit karta amaliyotlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan Markaziy bankka (MB) so‘rov yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
“Ayrim tijorat banklari taqdim etgan kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, o‘qish, tibbiyot va sug‘urta hamda soliq kabi to‘lovlar ham naqd pulga yechishga tenglashtirilib, ulardan foiz va komissiyalar undirilayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, - deyiladi xabarda.
Markaziy bankka yuborilgan so‘rovda quyidagilar so‘ralgan:
davlat va nodavlat tijorat banklari faoliyatini o‘rganib chiqish va kredit kartalari foiz masalalarini qayta ko‘rib chiqish;
iste’molchilar manfaatlarini hisobga olgan holda muvofiqlashtirish hamda asossiz olingan xizmat haqi pullarini qaytarish choralarini ko‘rish.
Qo‘mita ushbu masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot keyinchalik taqdim etilishini bildirgan.