TOShKENT, 6 okt – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 70-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘ldi.
Prezident ta’kidlaganidek, bu – ilk qadamlar samarasi, oldinda esa katta vazifalar turibdi. Shu maqsadda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellekt strategiyasi qabul qilingan.
Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda SI loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million dollar ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 86 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Mamlakatda sun’iy intellektni qo‘llash uchun “superkompyuter klasteri” yaratilmoqda.
"Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak", – dedi prezident.
Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini O‘zbekistonning o‘zida yaratish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Maktablarda informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
Dastur doirasida 2027-yilga qadar 1 million yoshlar sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda SI xakatoni, ya’ni cheklangan vaqt ichida innovatsion yechimlar yaratishiga qaratilgan musobaqalar, yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident sun’iy intellektni joriy etish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.