Turkiya tajribasida O‘zbekistonda kasbiy malakalarni baholash markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada ishchi safari bilan bo‘lib, Yevropa andozalariga mos kasbiy malaka metodikasini joriy etish va Turkiya tajribasi asosida baholash markazi tashkil etishni muhokama qildi
Sputnik
TOShKENT, 6 okt – Sputnik.Turkiya tajribasi asosida O‘zbekistonda kasbiy malakalarni baholash markazi tashkil qilinadi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Muratov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada shuni muhokama qildi, deb xabar berdi "Dunyo" axborot agentligi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari safar davomida Turkiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Faruk O‘zchelik bilan uchrashdi.

Uchrashuvda aholini kasb-hunarga o‘qitish, Yevropa andozalariga mos keladigan malaka standartlarini ishlab chiqish, Turkiya tajribasi asosida O‘zbekistonda kasbiy malakalarni baholash markazini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya Kasbiy malakalarni baholash agentligi direktori Ashkin To‘ren bilan kechgan muloqot chog‘ida Yevropa standartlariga muvofiq milliy malaka tizimini ishlab chiqish va amalga oshirishda Turkiya tajribasini o‘rganish, Agentlik huzuridagi test va sertifikatlashtirish markazlarining roli, akkreditatsiya va monitoring mexanizmlarini o‘rganish, kasbiy malaka sohasida qo‘shma loyihalar uchun yo‘nalishlarni aniqlash xususida fikr almashildi.
Tomonlar kelgusida mazkur agentlik bilan hamkorlik qilish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib olishdi.
Yaponiya kompaniyasi Toshkent shahrida kasb-hunarga o‘qitish markazini ochadi