TOShKENT, 5 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-7 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) Gabala shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Qayd etilishicha, "Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik" mavzusida o‘tkaziladigan yig‘ilish kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator qo‘shma qaror va hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.