Mirziyoyev Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi

Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev muloqotda Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, birodar Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
Davlat rahbari Tojikiston prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rnini qayd etib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mirziyoyev va Rahmon ikki mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibini ham muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi