TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilarining Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Kodeks iste’molchi huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, aholida qarz yuki oshib ketishi xavfini kamaytirish, bozor ishtirokchilari orasida sog‘lom raqobat muhiti yaratish va moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Dastlabki talablar
Axloq kodeksi talablariga ko‘ra, nasiya savdo bilan shug‘ullanuvchilar avval FinTex assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng ularga ishonch belgisi beriladi va ro‘yxat assotsiatsiya saytida e’lon qilinadi.
2025 yil 1-noyabrgacha ishonch belgisini olish ixtiyoriy va soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Buning uchun a’zolik va kodeksga rioya qilish majburiyati e’lon qilinadi. Assotsiatsiyaning ijobiy xulosasidan so‘ng ishonch belgisi beriladi.
1 noyabrdan boshlab esa yuqoridagi tartib majburiy bo‘lib, mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan kodeksga muvofiqlik tekshiriladi. Muvofiqlik tasdiqlangach, ishonch belgisi beriladi. Kodeksga rioya etilishi har uch yilda bir tekshirib boriladi.
Shartnoma tuzishdan oldin taqdim etiladigan ma’lumotlar:
Tovar yoki xizmatning biryo‘la to‘lash uchun belgilangan to‘liq narxi;
Barcha ustama va komissiyalarni hisobga olgan holda to‘lanadigan umumiy summa;
To‘lov jadvali;
Barcha turdagi yig‘imlar, jarimalar;
Shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari;
To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslikning oqibatlari haqida ma’lumot va boshqalar;
Reklamaga doir talablar
Nasiya savdosi bo‘yicha reklama — “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga mos bo‘lishi shart.
Reklama iste’molchini chalg‘itmasligi yoki noto‘g‘ri yo‘naltirmasligi lozim.
“0 foiz” yoki “bepul” kabi iboralar, agar ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasa;
“Barcha mijozlar uchun mos” yoki “xavfsiz” degan kabi umumlashtiruvchi bayonotlar.
kechiktirilgan to‘lovlar yoki qo‘shimcha yig‘imlar aniq ko‘rsatilishi kerak.
Qarz yuki oshib ketishini oldini olish
Nasiya savdo xizmatlari faqat 18 yoshdan katta shaxslarga taqdim etiladi.
Yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tgach, unga 2 million so‘mgacha boshlang‘ich limit beriladi.
Agar mijoz bu limitdan ortiq mablag‘ olishni istasa, uning to‘lov qobiliyatini baholash uchun qarz yuki ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Mijozning oylik qarz to‘lovi uning daromadining 50%idan oshmasligi kerak.
Agar mijozda avvalgi qarzlari bo‘yicha muddati o‘tgan to‘lovlar mavjud bo‘lsa, unga yangi nasiya xizmatlari ko‘rsatilmaydi.
Mijoz o‘z qarzini istalgan vaqtda muddatidan oldin to‘liq to‘lashi mumkin va buning uchun hech qanday jarima yoki penya undirilmaydi.
Muddati o‘tgan to‘lovlarni undirish qoidalari
Majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmasa, mijozning nasiya limiti vaqtincha to‘xtatiladi.
Nasiya tashkiloti mijozga ogohlantirish yuboradi va qarzdorlikni undirishning turli bosqichlari (Soft Collection, Hard Collection, Legal Collection) bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqadi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda nasiya savdosi bozori so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, onlayn savdo va fintex xizmatlari bilan chambarchas bog‘lanmoqda. 2024-yilda ushbu bozorda ishtirok etayotgan kompaniyalar soni 200 dan oshdi, ularning aksariyati mobil ilovalar orqali xizmat ko‘rsatmoqda.