O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro savdoni $10 milliardga yetkazmoqchi

Yanvar-avgust oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3 milliard dollardan oshgan.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt – Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro savdoni $10 milliardga yetkazmoqchi. Bu haqda ikki respublika hukumat vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
Tomonlar savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish rejalari hamda bo‘lajak Hukumatlararo komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Qozog‘istonning savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Aydar Abildabekovlar boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Muzokaralarda, shuningdek, elektrotexnika, to‘qimachilik, mashinasozlik, farmatsevtika va agrosanoat sohalaridagi loyihalar ko‘rib chiqilgan. Yanvar-avgust oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,1 milliard dollarni tashkil etgan.