TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan ayni kongress davomida qabul qilingan va buning uchun qadimiy Samarqand shahri tanlangan.
“Bu O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun kosmik sohada yangi davr boshlanganini anglatadi. IAC kabi yirik ilmiy platformaning mintaqada o‘tkazilishi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning texnologik salohiyatiga bo‘lgan e’tiboridan dalolat beradi”, – deyiladi xabarda.
Sidneydagi kongressda Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi keng qamrovli dasturni taqdim etgan. Taqdimotlar davomida:
O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar yo‘nalishidagi yutuqlari;
yaqin istiqboldagi rejalar;
kosmik monitoringni qishloq xo‘jaligi va ekologiyaga tatbiq etish loyihalari taqdim etilgan.
Tadbir davomida Yevropa, Osiyo va Amerika kosmik agentliklari bilan muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston bilan bir qator strategik qo‘shma loyihalar muhokama qilingan.
Bu nufuzli anjuman nafaqat ilm-fan, balki iqtisodiyot uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Masalan:
Sidneyda o‘tgan IAC Avstraliya iqtisodiyotiga 42 million Avstraliya dollari (taxminan 27 million AQSh dollari) daromad keltirdi;
Samarqanddagi kongressda 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda;
Turizm, xizmat ko‘rsatish, xalqaro ko‘rgazmalar va tadbirkorlik yo‘nalishlarida katta iqtisodiy sur’at yuzaga kelishi taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun: Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) har yili dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkazilib, ilm-fan, muhandislik, texnologiya va kosmik siyosat sohalaridagi eng muhim global voqealardan biri hisoblanadi.